Muallif: MELIBOYEV Elshod. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar fakulteti talabasi, "Xabarnavislar markazi"ning asoschisi va amaldagi rahbari. Afg'oniston bo'yicha Birinchi xabarnavis.
So’nggi yilda Narkojinoyatga qarshi kurashish va Amerika materigida xavfsizlikni ta’minlash uchun AQSH qat’iyroq choralar ko’rishni boshladi. Mintaqadagi yirik transmilliy narko-kartellarga “terroristik tashkilotlar” maqomi berilgach, endilikda AQSH maxsus kuchlarining vakolatlari kengayib, qo’shni mamlakatlarda harbiy tadbirlar o’tkazish uchun yo’l ochildi. Bir tarafdan, bu orqali Vashington Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan xavfsizlik doirasidagi hamkorligini kuchaytirdi. Boshqa tarafdan esa, bunday hamkorlik mamlakatlarning ichki siyosatiga aralashish, harbiy intervensiya kiritish va birga ishlashdan bosh tortgan mamlakatlarga bosim berish tahdidlarini yaratdi.
"Xorijiy terrorchilik tashkilotlari" va Milliy narkotika nazorati strategiyasi. 2025-yildan boshlab o’z faoliyatini boshlagan amaldagi AQSH rahbariyati mamlakat milliy xavfsizligining turli yo’nalishlariga nisbatan qat’iyroq choralar ko’rishga qaror qildi. Xususan, o’sha yilning dekabr oyida qabul qilingan “Milliy xavfsizlik strategiyasi”da “birgina huquq muhofazasiga tayangan strategiya o’z samaradorligining chegarasiga yetdi”. Jumladan, ijro hukumati bunday yo’nalishlardan AQSH aholisining umumiy salomatligi va genofondi uchun jiddiy tahdid bo’lib kelgan uyushgan narkojinoyatchi tashkilotlarga (bundan buyon – narko-kartellar) alohida e’tibor qaratdi. 2025-yilning yanvar oyidan boshlab Oq Uy ushbu tashkilotlarga qarshi “umumhukumat” strategiyasini tanlab, qator yirik narko-kartellarni “Xorijiy terroristik tashkilotlar” hamda ularning rahbar va yetakchi shaxslariga “Xos maqomli global terrorchilar” etib belgiladi.
Bu ijro hukumatiga nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan, balki endi to’laqonli miqyosda razvedka va harbiy tuzilmalardan foydalanish uchun yo’l ochib berdi, terrorizmga qarshi kurashuvchi idoralarning vakolatlari kengaytirildi. Adliya vazirligi esa ushbu choralarning asosiy maqsadi sifatida narko-kartellarni “mutlaqo yo’q qilish” deb belgilab o’tdi.
2026-yil may oyida qabul qilingan Milliy narkotika nazorati strategiyasi esa shu damgacha qabul qilingan barcha qaror va choralarni yagona va yaxlit siyosat shakliga keltirdi. Ushbu hujjat AQSH rahbariyatining “ikki frontdagi” faoliyatini aniq belgilab o’tadi: xorij va chegara oldida faol narko-kartellarga qaratilgan qat’iy kuch ishlatgan holda choralar ko’rilib, mamlakat ichki siyosatida barcha vosita va resurslarni aholi salomatligi va genofondini davolashga qaratiladi[4]. Xususan, buning doirasida narko-kartellar tomonidan tranzit hamda manba sifatida foydalanadigan davlatlarga bosim ko’rsatib, mamlakat xususiy sektorining farmatsevtika, kimyo sanoati va logistika yo’nalishidagi korxonalar bilan hamkorlik olib boriladi.
Bundan tashqari, ushbu siyosatni amalga oshirishda Ichki xavfsizlik ishchi guruhining (Homeland Security Task Force) vakolat va majburiyatlari ham kengaytirildi. Jumladan, xorijiy mamlakatlarga narko-kartellarning yashirin laboratoriyalarini fosh etishda hamkorlik qilish va ko’maklashish, chegara infratuzilmasini maxsus kuch va vositalar bilan mustahkamlash kabi choralar ham hujjatda qayd etib o’tilgan.
Kartelga qarshi urush. Narkojinoyatchi tashkilotlarga qarshi qonunchilikda ilk qadamlar bosilishidan ko’p o’tmay maxsus xizmatlar ushbu qarorlarning ijrosini boshladilar. Xususan, 2025-yilning avgust-sentabr oylaridanoq Pentagon Karib dengizi bo’ylab harbiy flot va qo’shinlarining mobilizatsiyasini boshladi. Tren de Aragua kabi narko-kartellarga aloqasi aniqlangan kemalar dengiz desanturasi, raketa va boshqa vositalar bilan hujum qilinib musodara etila boshladi. Venezuella va shu kabi Lotin Amerikasi davlatlari bunday harakatlarni o’z milliy xavfsizligi uchun jiddiy tahdid sifatida ko’rsa, ommaviy axborot vositalarida ushbu operatsiyalar darrov “Kartellarga qarshi urush” degan nom oldi.
2025-yil dekabridan boshlab AQSH Qurolli kuchlari butun Karib dengizi bo’ylab keng qamrovli “Southern Spear” operatsiyasini boshladi. Unda Qurolli kuchlarning Janubiy qo’mondonlik qo’shinlari va AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlari o’zaro hamkorlik va qo’shma harakatlar bilan narko-kartellar bilan aloqada gumonlangan qator kemalarga havo zarbalari berildi, yuzga yaqin gumonlanuvchilar “zararsizlantirildi”.
So’ngra, 2026-yil 3-yanvarida AQSH Adliya vazirligining ta’kidlashicha “Narko-kartellarga ko’maklashgan va ularning homiyligida bo’lgan” sobiq Venezuella prezidenti Nikolas Maduroning hibsga olinishi bo’yicha “Absolute Resolve” maxsus operatsiyasini olib bordi. Operatsiya odatda terrorizmga qarshi vakolatga ega JSOC (Birlashgan maxsus operatsiyalar qo’mondonligi) tomonidan olib borilgan*. Bir tunning o’zida butun mamlakatning havo mudofaasi tizimiga keng miqyosda zarbalar berilib, maxsus kuchlar bo’linmalari bilan sobiq prezidentning rezidensiyasi ishg’ol qilinib, N.Maduroning o’zi turmush o’rtog’i bilan hibsga olinib Nyu-York shahriga keltirildi va uning ustidan sud jarayonlari o’tkazildi.
AQSH rahbariyatining “xalqaro narkojinoyatga qarshi kurashish uchun” xorijiy mamlakat rahbarini asirga olib, o’z milliy qonunchiligi doirasida uning ustidan hukm qilishi xalqaro hamjamiyatda qattiq tanqidlarga sabab bo’ldi, Yevropa Ittifoqi, Eron, Kuba, Rossiya va shu kabi mamlakatlarning rahbarlari bilan birga AQSH Kongressi a’zolari ham ushbu operatsiya xalqaro huquq qonunlariga zid ekanligini ta’kidlab qoraladilar.
Garchi ushbu operatsiyaning maqsadi “G’arbiy hemisferada narkojinoyat va kartellarning faoliyatining oldini olish va bunga homiylik qilgan rahbarini adolatli sudka keltirish” deb ta’riflangan bo’lsa-da, bunda AQSHning milliy manfaatlari uchun ham sabablar mavjud. Holbuki, Venezuellaning rahbariyatida prezidentdan boshqa lavozimdagi amaldorlar o’zgargani yo’q, aksincha ular operatsiyadan so’ng Oq Uy bilan kooperatsiyaga intilishmoqda.
Xalqaro hamkorlik va bosim. AQSH Davlat departamentining bayonotiga ko’ra Xitoy, Meksika, Kolumbiya, Peru, Ekvador, Venezuella, Bolivia va Burma kabi mamlakatlar narko-kartellar uchun tranzit, manba va vositachi etib qayd etildi.Ushbu mamlakatlarning ba’zilariga nisbatan sanksiya, bojxona tariflari va boshqa moliyaviy choralar ko’rilgan bo’lsa, bir qator qo’shni davlatlar bilan hamkorlik olib borildi.
Jumladan, ushbu yilda “Southern Spear” operatsiyasi doirasida AQSH harbiy tuzilmalari Janubiy Karib mamlakatlari bilan birgalikda qator narko-kartellarga qarshi tadbirlar olib bordi. Shuningdek, yaqinda AQSH rahbariyati Lotin Amerikasi mamlakatlarining maxsus xizmatlarini narkojinoyatga qarshi harakatlarini muvofiqlashtiruvchi va ularga “ko’maklashuvchi” yangi ishchi guruh tuzulishi haqda xabar berdi.
Xususan, bu yilning boshidayoq Meksika maxsus xizmatlarining “El Mencho” karteli rahbarini tutish bo’yicha harakatlariga Amerikalik harbiylar ishchi guruhi sezilarli yordam berib razvedka ma’lumotlari bilan almashgani ma’lum bo’ldi, garchi ushbu tadbirlarda bevosita ishtirok etishmagan bo’lsa ham.
Yuqorida qayd etilgan xorijiy hududlardagi tadbirlarni AQSH hukumatining o’zi “xalqaro hamkorlik” deb baholasa-da, bu vaziyatni g’arbiy hemisferada, ya’ni Amerika materigida mutlaqo siyosiy ustuvorlikka intilish va qo’shni mamlakatlarga bosim o’tkazish alomatlari mavjud ekanligini qayd etish mumkin. Xususan, Milliy xavfsizlik strategiyasining ushbu xususiyatlariga Council on Foreign Relations tadqiqotchilari ham alohida e’tibor berib o’tgan.
Istiqbollar. So’nggi yillardagi jahonda sodir bo’lgan inqirozlar oqibatida xalqaro munosabatlarning ko’p qutbli maydonga aylanib borayotgani va Xitoyning yangi xalqaro iqtisodiy va siyosiy kuch markaziga aylanganidan so’ng AQSHning Sovuq Urushdan qolgan “yagona gegemon” va “jahonning yetakchi kuchi” maqomlarini ohista yo’qotmoqda. Katta ehtimol bilan, bunga javob chora sifatida Amerikalik siyosatchilar AQSHning xalqaro yetakchiligini o’z qo’shni mamlakatlari va g’arbiy hemisferada mustahkamlashga intilishmoqda. So’nggi ikki yilda qabul qilingan ushbu xavfsizlik va narkojinoyatga qarshi strategiyalarni aynan ushbu intilishdagi qadamlardan biri deb baholash mumkin. Venezuella ssenariysi esa bunday qadamlar bosilishiga qarshilik qilish qanday oqibatga olib kelishining yorqin namunasi bo’ldi. Ayni damda Lotin Amerikasi mamlakatlari o’z xavfsizligi va siyosiy barqarorligi uchun ichki siyosatiga AQSHning aralashuvi bilan tovon to’lashlari ehtimoli mavjud. Holbuki, Kuba va Meksika hukumatlari ham amerikalik harbiylarni o’z hududlarida bevosita tadbir olib borishga ruxsat bermay, razvedka va maxsus xizmatlarning operativ ma’lumotlari almashinuvi bilan Amerika hamkorligini cheklashga urinishmoqda. Bunday vaziyatni XIX asr ikkinchi yarmidagi AQSHning mintaqada “politsiyachi davlat” sifatida bo’lganiga o’xshatish mumkin.
* https://sofsupport.org/operation-absolute-resolve-anatomy-of-a-modern-decapitation-strike/ ; https://www.nytimes.com/2026/01/03/us/politics/trump-capture-maduro-venezuela.html